Ko‘zlarga “qalqon” zarurmi?

Hademay yozning jazirama kunlari boshlanadi. Quyosh o‘z nurlarini baxillik qilmasdan beayov socha boshlaydi. Bunday paytlarda “saxiy quyosh”ning “ultrabinafsha o‘q”lariga bardosh berolmagan ko‘zlar “qalqonlar” orqasiga berkinishadi. Ko‘zlar uchun mo‘ljallangan “qalqonlar” – himoya ko‘zoynaklari...yozning haroratli kunlarida bizga juda qo‘l keladi, ular tufayli ko‘zlarimiz soya-salqinda bo‘ladi. Lekin bunday ko‘zoynaklarni taqish har doim ham foydalimi?

Biz ko‘zlarimizni har qanday noxush ta’sirlardan asrashga harakat qilamiz: changdan, sovuqdan, issiqdan, quyosh nurlaridan...Bunday hollarda bizga himoya ko‘zoynaklari yordamga keladi. Ularga ko‘proq yoz kunlari muhtoj bo‘lamiz va odatda, hech qanday mutaxassis maslahatisiz, yaqinlarimiz, do‘stlarimiz ko‘magi bilan ko‘zoynaklarni tanlab, sotib olamiz: muhimi, u bizga yarashsa, yuz tuzilishimizga mos kelsa bo‘lgani. Go‘yoki ko‘zoynaklar bizga o‘zgacha uslub va chiroy bag‘ishlaydi, boshqalarga nisbatan zamonaviyroq, ko‘rkamroq qilib ko‘rsatadi.

Ulardan ba’zida yuzimiz shaklini o‘zgartirish, burnimizni “tahrir qilish” maqsadida ham foydalanamiz. Masalan, agar ko‘zoynak burunning yuqori nuqtasiga qo‘ndirilsa, burun yanada katta ko‘rinadi. Aksincha, pastroqqa taqilsa, uni biroz bo‘lsada ixchamroq qilishga erishamiz. Shularni o‘ylaymizu, ko‘pincha eng kerakligi bo‘lgan sog‘lig‘imizni ikkinchi darajaga tushirib qo‘yamiz. Axir, bunday himoya ko‘zoynaklari o‘z nomi bilan ko‘zlarimizni himoya qilish uchun ediku... Ko‘zlarimizni nimadan himoya qilamiz? Albatta, quyoshdan kelayotgan zararli nurlardan.

Ma’lumot o‘rnida shuni aytish joizki, quyosh spektri infraqizil, ya’ni issiqlik, ko‘zga ko‘rinadigan va ultrabinafsha (ko‘zga ko‘rinmaydigan) qismlardan iborat. Ko‘zoynaklar esa ko‘zni ana shunday ultrabinafsha va infraqizil nurlardan himoya qilishda juda zarur. E’tibor qilinsa, bunday himoya ko‘zoynaklariga, odatda, jigarrang, yashil, kulrang oynalar ishlatiladi. Qora oynali ko‘zoynaklarda esa yorug‘likdan himoya qiluvchi qo‘shimcha filtrlar bo‘ladi: ularni tanlaganda shu jihatlarga ahamiyat qaratish lozim, bu borada beparvolik yaramaydi.

Shu o‘rinda muhim bir ma’lumot: internet xabarlariga qaraganda, angliyalik olimlar tadqiqotlar davomida quyoshdan muhofazalovchi sifatsiz ko‘zoynaklar sog‘liqqa salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini aniqlashdi. Birinchidan, bunday ko‘zoynaklarning linzalari ostidan nur bir xilda o‘tmaydi. Bu esa ko‘rish qobiliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi va astigmatizm xastaligiga olib keladi. Ikkinchidan, arzon narxdagi ko‘zoynaklar sifatsiz linzalar bilan qoplangan bo‘lib, ular tasvirni ikkita qilib ko‘rsatadi va shu tariqa bosh og‘riqlari paydo bo‘lishi mumkin.

Himoya jarayonida ko‘zlarning optik tuzilishi ham muhim ahamiyatga ega. Gap shundaki, linzalar ko‘z qarshisida turadi va natijada ko‘rish organini to‘laligicha muhofaza qilmaydi. Buning oqibatida nurlarning bir qismi hech qanday to‘siqqa uchramay, yon tomonlardan kirib boradi. Bunday yorug‘lik oqimining quvvati 20 marta ko‘p bo‘ladi va to‘ppa-to‘g‘ri ko‘zning muguz pardasiga yetib boradi. Bundan tashqari, sifatsiz ko‘zoynaklar o‘zining asosiy vazifasini bajara olmasligi ayonlashadi, ya’ni ular ultrabinafsha nurlari ta’siridan himoya qila olmaydi.

Issiq kunlarda ko‘zimizni muhofaza etishda ehtiyotkor bo‘lishimiz zarur ekan, bu borada shifokorlar qanday maslahat beradi? – "Kunlar isishi bilan quyosh nurlarining ta’siri tufayli o‘smirlar orasida allergik xastaliklar kuzatiladi. Ayniqsa, eng nozik a’zomiz ko‘zning xastalanishi bizni tashvishga soladi. Bunday hollarda quyoshning infraqizil va ultrabinafsha nurlari ta’sirida ko‘zlarda qizarish, achishish holatlari o‘smirlarni bezovta qilishi mumkin. Men bu jarayonda ularning xastalik holati va ijtimoiy ahvolidan kelib chiqib turli himoya ko‘zoynaklarini tavsiya qilaman. Ko‘zoynaklarni tanlaganda ularning oynalari plastik moddalardan emas, balki shishadan bo‘lishiga e’tibor qaratishlarini so‘rayman. Chunki shisha quyosh nurini nisbatan yaxshi qaytaradi. Yana shunisi muhimki, quyoshdan himoya qiluvchi ko‘zoynaklardan faqat zarur hollardagina foydalanish tavsiya etiladi, uni muntazam taqib yurish kerak emas. Aks holda, ular ko‘rish qobiliyatini susaytirib yuborishi mumkin", – deydi ko‘z xastaliklari hakimi Gulbahor Ehsonova.

Ha, yuqorida aytib o‘tganimizdek, ko‘zoynaklar “moda” uchun emas, balki muhofaza uchundir – shunga doimo birinchi navbatda e’tibor qarating. Ko‘zoynaklar bilan chiroyli ko‘rinishga erishaman, deb ko‘zlaringizning jilosidan ayrilib qolmang. Ular doimo porlab, yonib tursin!

Muhabbat MURODJON QIZI

Izohlar

davix's picture
raxmat juda zor yozibsiz\