Ta'lim hamma uchun barobar

Ismigul
5
O’rtacha: 5 (1 ovoz)

Bundan ikki yil muqaddam, men ishlagan respublika nogironlar kollejiga, bir ayol o`z farzandini olib keldi. Ko`rinishidan o`rtahol, lekin ziyoli ekanligi ko`rinib turardi. Oliy ma`lumotli- defektologlar sifatida, bu ayolni va ularning farzandi ya’ni qizi bilan suhbatlashdik. Suhbatdan shu ma’lum bo`ldiki, qizning eshitishida nuqsoni bor ekan.Qizning onasi, qizim zaif eshituvchi quloq oldidan gapirganda eshitadi, deya bizga ma’lumot berdi. Ammo, qizga gapirganimizda biron narsa, eshitish tugul, labdan o`qish qobiliyatiga ham, ega emasligi ma’lum bo`ldi. Ammo qizning onasi, qizim eshitadi deya qaysarlik qilar edi. Qizdan so`ralgan oddiy savollar orqali, uni qay darajada taxsil olganini bilmoqchi bo`lganimizda esa qiz, 19 yil davomida hech qanday ta’lim olmagani va bizning bironta ham gapimizga tushunmayotganligi, aniq ko`rinib turgan haqiqat edi. Shunda biz qizning onasiga qizingizni kollejga qabul qila olmaymiz, chunki shu paytgacha qizingizga, daktil alifbosi ham, imo-ishora tili ham, o`rgatilmagan. Bizning kollejda darslar bevosita imo-ishora tilida olib boriladi. Qizingiz, qanday qilib darslarni o`zlashtiradi? O`zi qaysi maktabda o`qigan, deya so`raganimizda, qizning onasi: “qizimni maktabga bermaganman, uyda katta qildim, odamlarga ko`rsatishdan qo`rqardim, ko`chaga chiqarmadik do`st- birodarlar qo`ni-qo`shnilarning gap so`zlaridan qo`rqardik . Bu kollejda qizlarni hunarga o`rgatarkan, yoshi ham 22 ga to`lib qoldi. Uzatishimiz kerak. O`ziga o`xshagan bironta kar uchrab qolar, zora baxtini topib ketar, deb olib kelgan edik,….”- dedilar. Bo`lib o`tgan suhbatdan, ochig`i juda ta'sirlandim. Kimni ayblashni bilmasdim. Bu ayol, chekka qishloqdan bo`lsa ham mayli edi, yoki bironta viloyatdan kelgan, bo`lsa ham mayli edi, u yerda karlar maktabi yetishmaydi, yoki tumanda bitta desak bo`lar edi. Lekin Azim Toshkentning qoq markazida turadigan bu ayol nega o`z farzandini, uy qamog`iga mahkum qildi? Nega? 22 yil odamlardan yashirib keldi. Nega? Bunga qizning ota-onasi aybdormi yoki biz jamiyatmi? Axir Toshkentda bunday maktablar yetarli ediku.Qolaversa, O’zbekistonda umumiy o’rta ta’lim majburiy ekan, aqliy noqisligi bo’lmagan bu bola nega ta’lim olmadi?

O`zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasining 41-moddasida: “Har kim bilim olish huquqiga ega. Bepul ta`lim olish davlat tomonidan kafolatlanadi.”, deyilgan yoki O`zbekiston Respublikasining nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to`g`risidagi qonunning 4-bobida ham nogironlarning ta`lim olishi, ularni kasbga tayyorlash, uyda ta`lim olishlari haqida yetarlicha ma`lumot berilgan hamda bevosita qonun bilan belgilangan. Shu qonunning 20-moddasida nogiron bolaning oiladagi ta`limi haqida yozilgan bo`lib, bunda nogiron bolaning ixtisoslashtirilgan ta`lim muassasalarida, ta`lim olish imkoni bo`lmagan taqdirda ota-onaning istagi hisobga olingan holda uyda amalga oshiriladi, deb yozilgan. Nahot ota-onasi shuncha yil o`tib endi qiziga hunar o`rgatgisi kelib qoldi.. Axir odamlar qizining ustidan bir kun kular, ikki kun kular, lekin butun umr ustidan kulmaydiku. Ota-onalardagi uyat va qo`rquv xissi, bolam kulgi bo’lmasin deb, uyda yashirib o’tirishlari aslida bolalarga ko’proq zarar yetkazishini, ularga ta’lim bermaslik orqali, farzandlarining butun umrini barbod qilayotganini, bu kimlarningdir kulishini oldini olishdan ko’ra kattaroq yo’qotish bo`layotganligini tushunib yetishlari darkor. Agar, chet elda nogiron bola tug`ilgan, oilalarni olib qarasak, ularda bizdagi mavjud vaziyatlarning, mutlaqo teskarisiga guvoh bo`lamiz. Ular imkoniyati cheklangan farzandini jamiyatga uyg`unlashishiga o`z qobiliyatidan kelib chiqqan holda, bevosita rivojlantirishga, aslida ular ham sog`lom bolalar singari, oddiy bola ekanligiga, uyda qamab o`tirmasdan, atrofdagi insonlarga ko`rsatish orqali, yordam beradi, ko`maklashadi.

Yuqoridagi vaziyatlarga juda ko`p duch kelganim bois, bunga qandaydir amaliy yechim topish kerak degan fikrga keldim. Biz insonlarning o`sha, “bolam nogiron bo`lsa, ko`chadagi bolalar ustidan kuladi, haqorat qiladi, bolamga achinish ko`zi bilan qaraydi ”kabi fikrlar ota-onalarning miyasiga o`rnashib qolgan. Mana shunday fikrlar yuzaga kelmasligi uchun har bir bola maktabda majburiy ta`limni vaqtida olishi uchun ham mening nazarimda ushbu tushuntirish-tashviqot ishlarini olib borish kerak, deb hisoblayman.

Buning uchun:

- Avvalo, jamiyatimizda nogironlikni oldini olish va sog`lom turmush tarziga rioya qilgan holda farzandlarni katta qilish tog`risida, ota-onalar bilim ko`nikmalariga ega bo'lishi talab etiladi.

- Nizomiy nomidagi TDPU ning “Defektologiya” fakultetida, yoshlar ittifoqi bila hamkorlikda “ko`ngilli yoshlar” guruhini tashkil qilish

- Ushbu guruh a`zolari dastlab Toshkent shahridagi maktab va mahallalarda “nogironlik” haqida mab`lumot berib, ularni ko`rganda ularga yordam qo`lini cho`zish( ko`chada avtobusga chiqishga yordam berish, yo`ldan o`tkazish, magazindan xarid qilishga ko`maklashish va b.q) to`g`risida tushuntirish ishlarini o`tkazish

- Mahallalarda nechta xonadonda nogiron yoxud imkoniyati cheklangan shaxs istiqomat qilishi, ularning nechtasi ta`lim olayotganligi va nechtasi uyda ekanligi haqida ma`lumot to`plash.

- Nogiron bolalari bor oila farzandlarining ta’lim olishi to`g`risida tushuntirish ishlarini o`tkazish kabi shunga o`xshash ishlar olib borilsa maqsadga muvofiq bo`ladi deb hisoblayman. Bugungi taraqqiyot davrida yashar ekanmiz jamiyatimizda imkoniyati cheklangan farzandlarning tug`ilishi juda achinarli va o`ta dolzarb masaladir. Bunday bolalarning maxsus ta’lim maskanlarida ta’lim-tarbiya olishi o`z navbatida o`z-o`ziga xizmat ko`rsatish, ma’lum kasb – hunar ko`nikmalarini egallash va jamiyatda o`z o`rniga ega bo`lishning kafolatidir.

Izohlar

Bakhtiyor Sheraliev's picture
5

Assalomu alaykum Ismigul opa. Tanlov uchun juda ajoyib mavzu tanlabsiz. O'tgan galgi tanlovda ham xuddi mana shu mavzuda blogpostlar bor edi, bu gal ham mana shunday mavzularning yana yuzaga chiqqani bir tomondan odamni juda xursand qilsa, jamiyatimizda Siz maqolada sanab o'tgan jihatlarning mavjud ekanligi odamning dilini xira qiladi. Haqiqatdan ham jamiyatdagi har bir fuqaro o'zinng huquq va erkinliklarini erkin holda ifoda eta olishi uchun unga davlat tomonidan barcha qulayliklar yaratib berilishi shart. Imkoniyati cheklangan ayrim fuqarolarimizning boshqalardan hech qanday kam joyi yo'q, aksincha ana shunday insonlarning juda ko'pchiligi o'zidagi ma'lum bir kamchilik sabab hayotning boshqa imkoniyat va ne'matlarining qadriga sog'lom odamlardan ko'ra yaxshiroq yetadi, ilm-fan va jamiyatda ularning foydasi sog'lom odamlarniki bilan bap-barobar bo'lsa borki, lekin aslo kam emas. Men shunday imkoniyati cheklangan insonlarni taniymanki, ularning qilgan ishlarini uncha-muncha sog'lomman deb yurgan odamlar qila olmaydi. Shu bois men eng avvalo ularning haq-huquqlarini himoya qiluvchi qonunlarning davlat tomonidan liberal tarzda qayta ko'rib chiqlishini, ularga jahon standartlaridan kelib chiqqan holda tuzatish va qo'shimchalar qilish kerak ekanligini ta'kidlamoqchiman. Shu bilan birga imkoniyati cheklangan insonlarni yilda bir marotaba Nogironlar kunida emas, deyarli har doim eslab turishimiz, oramizda ham mana shunday insonlar yashashini bilishimiz, ular ham jamiyatimizning teng huquqli a'zolari ekanligini bilishimiz uchun ularning hayoti va boshqa faoliyatlariga doir targ'ibor va tashviqot masalari yuzasidan TV da ko'rsatuvlar tayyorlanishi, OAV da turkum maqolalar berib borilishi lozim deb hisoblayman. Aslida imkoniyati cheklangan insonlar jamiyatning juda ham yuqori potensialga ega vakillari hisoblanishadi, ularning iqtidori, bilimi, qobiliyatidan unumli foydalanish kerak.
Shu bilan birga blogpostingizdagi ayrim kichik kamchiliklar haqida aytib o'tsam. Asosiy kamchiliklar gap tuzilishida ayrim so'zlarning noo'rin yoki qoidaga xilof tarzda qo'llanilganligidadir. Jumladan blogpostda keltirilgan ushbu "yoki bironta viloyatdan kelgan, bo`lsa ham mayli edi" jumlasida Siz aslida mana shunday maktablar kam bo'lgan viloyatdan kelgan degan ma'noni ifoda etmoqchi bo'lgansiz, men buni tushundim, lekin gapning o'zini o'qib qaraganingizda bunday ma'no chiqmayapti. Bundan tashqari punktuatsiya bilan bog'liq kamchiliklar ham talaygina, ya'ni keraksiz joylarda juda ham ko'p verguldan foydalangansiz. Masalan, ushbu gapda "Ular imkoniyati cheklangan farzandini jamiyatga uyg`unlashishiga o`z qobiliyatidan kelib chiqqan holda, bevosita rivojlantirishga, aslida ular ham sog`lom bolalar singari, oddiy bola ekanligiga, uyda qamab o`tirmasdan, atrofdagi insonlarga ko`rsatish orqali, yordam beradi, ko`maklashadi." vergullarning aksariyati deyarli o'rinsiz qo'llanilgan. Shunday bo'lsa-da fikrlaringizni juda chiroyli tarzda yetkazib bera olgansiz, shu bois men blogpostni a'lo bahoga baholadim. Blogerlik sohasidagi ishlaringizga omadlar tilab qolaman.

Ismigul's picture
0

Assalomu alaykum Bahtiyor aka! Izohingizni maroq bilan o'qidim. Kelgusida albatta bildirilgan kamchiliklarimni tuzatishga harakat qilaman. Ilk blogpostim bo'lgani uchun, fikringiz men uchun juda katta ahamiyatga ega. Rahmat kattakon!